Yangiliklar

2024-12-25

YOD TANQISLIGI QANDAY KASALLIKLARNI KELTIRIB CHIQARADI?

topics-img

Yod inson hayotidagi eng zarur mikroelementlardan biri hisoblanadi.

  Yod tanqisligi natijasida kelib chiqadigan qalqonsimon bezi kasalliklari  dunyodagi eng ko‘p tarqalgan noinfeksion kasalliklardan bo‘lib, bular: endemik buqoq, homila tushishi, bolalarda jismoniy va aqliy rivojlanishning kechikishi kabi bir qator kasalliklardir

JSST ning bergan ma’lumotiga ko‘ra, dunyo aholisining 1/3 qismidan ko‘prog‘ida yod tanqisligi kasalligi  rivojlanish xavfi yuqori.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda yod tanqisligi bilan bog‘liq kasalliklarga chalinish xavfi bo‘lmagan hudud yo‘q, negaki respublikaning shu kungacha o‘rganilgan barcha hududlarida aholi rasionida yod tanqisligi mavjudligi kuzatilgan.

Yod tanqisligi kasalligini oldini olishning asosiy yo‘li bu osh tuzini yodlash hisoblanadi.

Respublika bo‘yicha hududlarda 56 ta yodlangan osh tuzini ishlab chiqarish korxonalari va 46 ta ularni qadoqlash syexlari faoliyat yuritib kelmoqda.

Organizmda yod yetishmasligi xotiraning yomonlashuviga, aqliy rivojlanishning 20 foizgacha pasayishiga, markaziy asab tizimi faoliyatining buzilishiga olib keladi.

Aholi orasida yod tanqisligi holatini oldini olishning eng arzon va samarali usuli osh tuzini yodlash hisoblanadi. Har bir oilada ijtimoiy-iqtisodiy holatidan qat’iy nazar osh tuzi ishlatiladi. 5 gramm osh tuzi iste’mol qilish orqali 100-150 m.kg yod organizmga qabul qilinadi. Shu o‘rinda osh tuzi tanlashda ham ehtiyot bo‘lish kerak. Chunki olib borgan tekshirishlar shuni ko‘rsatdiki, ayrim biz foydalanadigan osh tuzlari yetarli miqdorda yodlanmagan. Ularni xarid qilishda ishlab chiqarilgan sanasiga, yaroqlilik muddatiga ahamiyat qaratish lozim.

Osh tuzining asosiy tarkibiy qismi natriy bo‘lib, u qon aylanishi va bosimini boshqarish, asablar va mushaklar orasidagi uzviy aloqani ta’minlash vazifasini bajaradi. Osh tuzining ikkinchi elementi bo‘lgan xlor esa ovqat hazm qilishga yordam beradi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan organizmdagi moddalar almashinuvini normallashtirish uchun kuniga bir choy qoshiq – 5 gramm tuz iste’mol qilish  tavsiya etiladi. Yod tanqisligi kasalligining oldini olish uchun ham yodlangan osh tuzi juda muhim va zarur.

Mamlakatimizda yodlangan osh tuzi O‘zbekiston Respublikasining “Aholi o‘rtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonuni  O’z DSt 1091:2011  asosida ishlab chiqariladi.

Davlat standarti talablariga asosan osh tuzida yodning miqdori tonnasiga 40 gr. miqdorda bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.

Kaliy yodat bilan yodlangan  osh tuzi uchun  12 oy yaroqlilik muddati belgilangan.

Kaliy yodid bilan yodlangan osh tuzining yaroqlilik muddati 3 oy qilib belgilangan.

 

Sanepidqo`mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee