Yangiliklar

2025-07-28

Virusli Gepatit A: Profilaktika samarasida kasallik ko‘rsatkichlari pasaymoqda

topics-img

🔷Sirdaryo viloyatida virusli gepatit A kasalligini oldini olish bo‘yicha tizimli va samarali ishlar olib borilmoqda. Aholining, xususan bolalar salomatligini asrash yo‘lida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar kasallik ko‘rsatkichlarini kamaytirishga xizmat qilmoqda.

❗️Virusli gepatit A – o‘tkir yuqumli jigar kasalligi bo‘lib, asosan suv, oziq-ovqat va gigiyena talablariga rioya qilinmasligi orqali yuqadi. Kasallikdan eng samarali himoya vositasi bu — emlash hisoblanadi.

Shu boisdan, viloyatimizda mazkur kasallikning oldini olish maqsadida 2014-yildan boshlab 2 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida emlash ishlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularning barchasi ota-onalar mablag‘i hisobidan amalga oshirilmoqda.

🔹 Bugungi kunga qadar viloyat bo‘yicha 91 015 nafar bola virusli gepatit A kasalligiga qarshi emlandi. Quvonarlisi, ushbu emlangan bolalar orasida hozirga qadar kasallik aniqlanmagan.

🔹 Eng yuqori emlash ko‘rsatkichi Guliston shahrida qayd etilgan bo‘lib, emlash qamrovi 56 foizni tashkil etmoqda (viloyat bo‘yicha umumiy ko‘rsatkich 36.44%).

Buning natijasida 2025-yilning dastlabki 6 oyi davomida Guliston shahrida atigi 16 nafar bemor ro‘yxatga olingan. Bu esa 100 ming aholiga nisbatan 14.44 intensiv ko‘rsatkichni tashkil etadi. Taqqoslash uchun, butun viloyat bo‘yicha bu raqam 26.58 ni tashkil qiladi.

🔴Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, aholining sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilishi, bolalarning sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lish, emlashda faollik ko‘rsatishi kasallikning keng tarqalishiga qarshi eng samarali choradir.

Sirdaryo viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi bundan buyon ham virusli gepatit A kasalligini oldini olish borasidagi ishlarni izchil davom ettiradi.

✍️ Adham Baymanov,
Sirdaryo viloyat Sanepid qo‘mitasi
Epidemiologiya bo‘limi mudiri