O’tkir ichak yuqumli kasalliklari yozda kichik yoshdagi bolalarning eng keng tarqalgan kasalliklaridan biri hisoblanadi. Ichak infektsiyalarining qo’zg’atuvchisi bakteriyalar, toksinlar va viruslar bo’lishi mumkin. O’tkir ichak infektsiyalarining sababi mikroorganizmlarning bir nechta guruhlari: bakteriyalar, viruslar va protozoalarning organizmga turli yo’llar bilan kirib qolishi oqibati bo’lishi mumkin.
Asosiy yuqish yo’llari:
-maishiy-aloqa: ifloslangan uy-ro’zg’or buyumlari, o’yinchoqlar, so’rg’ich, iflos qo’llar orqali
-oziq-ovqat: ovqatlanganda, yetarli darajada qayta ishlanmagan, sifatsiz oziq-ovqat iste’moli orqali
-suv: qaynatilmagan suv ichish, ochiq suvda suzish
Sog’lom odamning tanasiga ichak infektsiyalari suv yoki iflos qo’llar bilan birga og’iz orqali kiradi. Misol uchun, agar siz qaynatilmagan sut ichsangiz, dizenteriya boshlanishi mumkin. Mikroblar tanaga kirgandan so’ng kasallik 6-48 soatdan keyin boshlanadi. Infektsiyaning organizmga kirish eshigi va asosiy ko’payish joyi – oshqozon-ichak trakti hisoblanadi.
Isitma, zaiflik, ishtahani yo’qolishi, diareya, qusish, qorin og’rig’i kabi belgilari kasallik yuzaga kelganidan darak beradi.
Bolalarda o’tkir ichak infektsiyasining oldini olish uchun quyidagilarga rioya qiling:
-shaxsiy gigiena qoidalariga qat’iy rioya qilish, qo’lingizni tez-tez sovun bilan yaxshilab yuvish, ayniqsa, ovqatdan oldin va hojatxonaga borganingizdan keyin;
-sabzavot, mevalar, rezavorlarni iste’mol qilishdan avval qaynatilgan suvda yaxshilab yuving;
-tez buziladigan ovqatlar va tayyor ovqatlarni muzlatgichda saqlang
Uyda doimo tozalikni saqlang va shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qiling. Agar barcha ehtiyot choralariga qaramay, o’tkir ichak infektsiyasining birinchi belgilari paydo bo’lsa, darhol tibbiy yordamga murojaat qiling.
O'zingiz va yaqinlaringiz salomatligiga befarq bo'lmang!